2026-yil 8–10-sentabr kunlari “O‘zekspomarkaz” MKK AJ hududida 17-Markaziy Osiyo xalqaro “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME 2026” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Ko‘rgazmada dunyoning 18 ta mamlakatidan 262 ta kompaniya, jumladan Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gretsiya, Hindiston, Ispaniya, Italiya, Xitoy, Niderlandiya, BAA, Rossiya, AQSh, Turkiya, O‘zbekiston, Chexiya, Shveytsariya va Yaponiya vakillari ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasida to‘qimachilik mashinasozligi uskunalari, bo‘yoq va pardozlash, tikuvchilik ishlab chiqarishi, noto‘qima materiallar sanoati uchun ilg‘or texnologik yechimlar, shuningdek, yordamchi uskunalar va butlovchi qismlar namoyish etilmoqda.
“CAITME 2026” ko‘rgazmasining keng ko‘lamli ekspozitsiyasi barcha pavilyonlarda namoyish etilib, quyidagi asosiy yo‘nalishlarga bo‘lingan: Pardozlash, bo`yoq va bosma texnologiyalari (1-sonli pavilyon), yigirish texnologiyalari (2-sonli pavilyon), to`qimachilik kimyoviy moddalari va bo`yoqlari (Atrium 1 zali), tikuvchilik uchun uskunalar (3-pavilyon), to`quvchilik va trikotaj uskunlari (4-sonli pavilyon)
Joriy yilda “CAITME” ko‘rgazmasi yana bir bor “Global Textile Days” xalqaro to‘qimachilik haftaligi doirasida o‘tkaziladi. Dasturdan, shuningdek, to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlarini professional xaridorlar hamda ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan TextileExpo Uzbekistan Sourcing Hub platformasidagi B2B uchrashuvlar ham o‘rin olgan.
Ko‘rgazma tashkilotchilari – Iteca Exhibitions xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va uning hamkori ICA Eurasia Group.